Главная » 2017 » Январь » 22 » Milliy urf-odatlar
11:10
Milliy urf-odatlar

O`zbek xalqi qadim o`tmishdan bugungi kungacha o`zining boy tarixi, ma’naviy qadriyatlari, milliy urf-odatlariga ega bo`lib, zamonlar osha uni o`z qalbi va ma’naviyatida saqlab kelib avloddan-avlodga meros qilib qoldirib kelmoqda. Unda millatning orzu-umidlari, u yashayotgan tabiiy geografik, ijtimoiy muhit, xalq istidodi, malakasi, qobliyati, etnik xususiyat hamda belgilari o`z ifodasini topgan.

       Jamiyatning muhim bo`g`ini hisoblangan oila munosabatlari nikohdan boshlangan. Nikoh-yangi oila vujudga kelganligi jamiyat tomonidan e’tirof etiladigan shar’iy, qonuniy holatdir.

        Oilani, avvalo ota boshqaradi, oila oldidagi burchi va vazifasi mas’ulligi sababli, otaning mavqei oilada yuqori turadi. Oila boshlig`i undagi ichki intizomni saqlashi, odob-axloq mezonlariga amal qilishni nazorat qilishi, iqtisodiy-moliyaviy ta’minot vazifalarini bajarishi zarur bo`lib hisoblanadi. O`zbek oilasining tarbiyaviy tomonlaridan yana bir muhim jihati shundaki, unda otaning shariat tartiblari yoki milliy urf-odatlarga muvofiq ayollarning insoniy huquqlarini kamsitmasligi, hurmatini o`rniga qo`yishi, ularga mehribon va xushmuomala munosabatda bo`lishi, farzandlarning bilim olishi, kasb-hunar egalari bo`lishini ta’minlashi, sog`lom o`sishlari uchun mumkun bo`lgan sharoitlarni yaratishlari axloq qoidasi sifatida shakillangan.

      Oilada bola tarbiyasi masalasi jamiyat hayotida alohida o`rin egallab kelgan. Oilada o`g`il bolalarga avlod davomchisi sifatida qaralgan. Qizlarga esa bo`lajak ona va sadoqatli uy bekasi, iffat ramzi sifatida tarbiya berilgan. Voyaga yetish jarayonida o`g`il bola ota ta’sirida, qiz bola esa ona ta’sirida ulg`ayganlar. O`zbek xalqiga mos muhim xususiyatlardan biri bu mahalla ahlining bolalarni tarbiyalashda hamjihatlikda harakat qilishlaridir. Otaning farzand oldidagi burchlari shariat va islomiy qoidalar bo`yicha yaxshi nom qo`yish, xushxulqli, mehnatsevar, iymon-e’tiqodli qilib o`stirish, o`qitish, kasb-hunarli qilish, uylantirish, qizlarni turmushga chiqarish kabi vazifalarni ado etishdan iboratdir. Ota-onalar qariganda, mehnat layoqatini yuqotganda farzandlar o`z ota-onalarini holidan xabar olishlari va g`amxurlik qilishlari o`zbekchilikning muhim shartidir.

       O`zbek xalqining turmush tarzini uning sharqona dasturxonsiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Dasturxon atrofida o`zbek xalqining samimiyati jo`sh urib turadi, insoniy milliy qadriyatlarimizning ham moddiy, ham ma’naviy ko`rinishlari omuxta va mujassam holatda yuzaga chiqadi. Turli toifadagi kishilar ham dasturxon atrofida hurmat qilinib, iliq so`zlar bilan bir-birini alqydilar. Shunga ko`ra xalqimiz dasturxoni aziz, muqaddas, rizq-ro`z manbai, ramzi deb belgilangan. Taomilga ko`ra tanovul qilishni yoshi ulig` kishi boshlab beradi. Agar oila davrasida bo`lsa avval ota, so`ngra ona boshlaydi.          

       To`y marosimlari o`zbek xalqi hayotida uzoq tarixiy davr moboynida shakllangan bo`lib shunday tantanalardan biri nikoh to`yidir. Bunda ikki yoshning yangi hayotga qadam qo`yayotganligi el-ulus, quni-qo`shnilarga ma’lum qilinib, ularning turmush qurishga kirishayotganligi e’tirof etiladi. Nikoh to`yigacha quda-anda taraflar turli marosimlarni bajarishadi. Bu bir-birovini yanada yaqindan bilish, o`zaro ishonchni mustahkamlash, to`ni yaqinlashtirish yo`lidagi harakatlardan iborat. Bular uy ko`rar (qiz ko`rish), sovchilik, sep taxlash, to`qqiz tovoq, qizlar majlisi,betochish,kelinsalom kabi marosimlar. Nikoh to`yigacha bayram kunlari,yakshanba kunlari bozor oqshomi deb nomlangan lagan yoki tog`ora oshi kelinnikiga junatilgan. To`ydan bir kun oldin yoki to`y kuni qizning otasinikida nikoh marosimi o`tkazilib “hutbai nikoh”, yani nikoh o`qilgan.

       Kuyov kelinni olib ketish uchun kelinnikiga borganda ukki o`rtog`i bilan go`lxan (olov) atrofida aylanadi so`ngra o`rtoqlari bilan go`shangaga (chimildiqqa) kiradi. Dasturxon yozilib, to`qqiz tovoqqa to`qqiz xil taom tortiladi. Chimildiqqa avval kuyov, so`ngra kelin olib kirilgach, oyoq bosish, ko`zguga qarash marosimlari o`tkaziladi, salomnoma qo`shiqlari aytiladi. Kelin kuyovnikiga kelgach ikkalasi olov atrofida uch marta aylanadi.

       Kelin salom marosimiga ko`ra kelin kuyovning ota-onasi va qarindoshlariga alohida-alohida salom beradi shu bilan betochar va ko`rmana marosimlari o`tkaziladi.

      O`zbek xalqi to`ylaridan beshik to`yi nikoh to`yining mahsuli sifatida oilada ilk ko`rilgan farzand sharafiga beriladi. Beshik chaqaloqning ona tomoni qarindoshlari – bobosi, buvisi, tog`a va xolalari tomonidan tashkil etiladi. Beshik udumi bilan bog`liq chaqaloqqa zarur barcha buymlar tayyorlanadi. Sovg`alar karnay – surnay sadolari jo`rligida olib borilgan.Chaqaloqni beshikka belash marosimi o`tkaziladi. Marosim oxirida qarindoshlar yuz ko`rarga kirib sovg`alar berib, beshik ustiga shirinliklar sochib bolaga, oilaga baxt tilaydilar.

       Millatimizning qadimgi to`ylaridan yana biri sunnat (xatna) to`yi bo`lib, undan maqsad islomning sunnatini bajarishdir.To`y o`g`il bolalar 5 yoshga yetgunicha ya’ni tog` yoshlarda 1-3-5 yoshlarda o`tkaziladi. To`yga ko`rpa-to`shak to`y sarpolari tayyorlanadi. To`y oldidan xatmu qur’on marosimi o`tkaziladi. Sunnat to`yi elga osh tortish va unga kelajakda ezgu tilaklar tilash bilan yakunlanadi.

        Fasillar bilan bog`liq urf-odatlarlar va bayramlarlarni bir-biridan qo`yidagicha ajratish mumkin.

1. Qishki mavsumda o`tkaziladigan gap-gashtak va ziyofatlar.

2. Bahorgi tantanali marosimlar, ya’ni Navro`z, shox moylar qo`sh chiqarish, lola yoki qizil gul sayli, loy tutish va boshqalar.

3. Kuzgi marosimlar-hosil yig`imi’ shamol chaqirish va uzum sayli kabi marosimlar.

Har bir fasilda o`tadigan urf-odat va marosimlar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lgan. Xalqimizda Navro`z bayrami alohida ko`tarinki va jozibadorlik, tantanavorlik hamda mehr-oqibatlilik mazmuni ufurib turgan holatda o`tgan.

Sharq mutafakkirlarining, jumladan Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom ilmiy ijodiy meroslarida Navro`z ilk bahorning kirib kelishi, dehqonchilik bayrami sifatida ta’riflanadi. Navro`z ham xalq ham davlat bayramidir. Bayramga bag`ishlab turli sport tadbirlari, karnay-so`rnaylar, dorbozlik, aytishuvlar, ashula va raqs tadbirlari ko`tarinki ruhda o`tkaziladi. Har bir xonadon turli xil pishiriqlar, taomlar pishirganlar eng asosiysi Navro`zning shox taomi sumalak katta dosh qozonlarda tayyorlanib, butun mahalla ahliga ulashiladi.

Xulosa qilib aytganda, xalqimizning tarix sinovlaridan o`tgan bayramlari marosimlari, urf-odatlari xalqimizning ajoyib fazilatlari, milliy xususiyatlari, qadriyatga aylangan xalqchilik ruhi bilan sug`orilgan jihatlarini, halollik, poklik, mehnatsevarlik xuslatlarini namoyon etadi. Xalqning o`ziga xos milliy, ruhiy ko`rinishlarining barchasi xalq bayramlarida o`z ifodasini topadi.

Категория: Ўзбек тилида янгиликлар | Просмотров: 2258 | Добавил: admin-1 | Теги: узбекистон, миллий урф-одатлар | Рейтинг: 2.8/6
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]